Odatda biror muassasaga borishni istasangiz, u haqidagi sharhlardan biror ma’lumotga ega bo‘lishni orzu qilasiz. Ko‘pincha fikrlaringizni aynan shu sharh va izohlar belgilab beradi. Ammo lekin biroq mana bunday shakldagi sharh sizga hech qanday ma’lumot bermaydi:
Bugun biz nafaqat o‘zingizning namunali foydalanuvchi ekanligingiz, balki “Sharh” ilovasida boshqalarga ham yordam bera oladigan tarzda chiroyli sharh yoza olishingiz uchun ko‘mak beramiz.
Mana bu sharh deyarli mukammallikka yaqin. Osh markaziga yulduzchalar bilan baho berib, u haqidagi ijobiy va salbiy jihatlar ajratib ko‘rsatilgan
Biroq bunday shakldagi sharhlarni yana-da ma’lumotga boy qilish oson. Keling qanday sharh mukammal sanalishini ovqatlanish maskani misolida bosqichma-bosqich tushuntiramiz.
Birinchi galda sharhni qismlarga bo‘lib chiqing:
- Kirish qismi: Sharhni qisqacha izohdan boshlang. Masalan, nega aynan shu yerga kelganingizni yozing.
- Joyni izohlang. Joylashuvi, ichki ko‘rinishi, muhiti, kutuvlaringizni qanchalik oqlaganini yozing.
Xizmat ko‘rsatishga baho bering:
- Xodimlar. Mehmondo‘stlik, muomala, ishiga munosabat va mehmonlarga bo‘lgan e’tibor haqida taassurot bildiring.
- Xizmat ko‘rsatish tezligini baholang.
Oshxonasiga baho bering:
- Ovqatlari. Nima buyurtma qilganingiz, qanchalik yoqqani, alohida bir talab va istaklaringizni oqlaganmi yo‘qmi, shu haqda yozing.
- Ovqatlarning tayyorlanish sifati haqida fikr bildiring.
Narx va sifat uyg‘unligi haqida gapiring:
- Narxlari. Ko‘rsatilgan xizmat narxiga mosmi? Shuni ayting.
- Chegirma va aksiyalar yoki qandaydir pulli takliflar bo‘lsa, bularni ham qo‘shing.
O‘ziga xos tomonlari haqida yozing:
- Agar maskanning o‘ziga xos dizayni, maxsus menyusi yoki boshqa bir e’tiborni jalb etuvchi jihatlari ko‘zga tashlansa, shular haqida albatta yozing. Bu bo‘lajak tashrif buyuruvchilar uchun muhim bo‘lishi yoki qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
- Muayyan bir taom yoki ichimliklar borasida tavsiyalaringiz bo‘lsa, shularga ham urg‘u bering.
Qayta aloqa:
- Ijobiy va salbiy. Nima yoqqan-u, nimalar esa ta’bingizni xira qilganini sanab o‘ting.
- Agar tanqid qilmoqchi bo‘lsangiz, dalillaringizni asoslab bering, yaxshilash yo‘llarini sanab o‘ting.
Suratlar:
- Sharhingizga suratlar qo‘shing. Masalan, ovqatlar va muassasa dizayni aks etgan suratlar tashrif buyuruvchilarning tasavvurini oshiradi.
Sharhingizni xulosalang:
- Xulosalaringizni umumlashtiring, tashrif buyurishga arziydimi yoki yo‘q, hammasini xulosa tarzida yakunlang.
Tavsiyalarimiz shular. Endi sizga ana shunday mukammal sharhga misol yozib ko‘rsatamiz.
Ovqatlanish maskani nomi: Yumaloq qozon
Borgan kunim: 3-yanvar, 2024-yil, oilam bilan kechki ovqat
Yaqindan boshlab “Yumaloq qozon” restoranining doimiy mijoziga aylandim. Har gal kelganimda ko‘nglim to‘lib ketaman. Shahar markazida, shinam va zamonaviy dizaynga ega. Yorqin ranglari, muhitga mos tanlangan mebellarida do‘stlarim, yaqinlarim bilan mazza qilib dam olaman. Xodimlarini alohida aytmasam bo‘lmas, xizmat ko‘rsatish sifati yuqori darajada, e’tiborli, taom hamda ichimliklar tanlashda doim yordamga shay yigit va qizlar ishlashadi. “Yumaloq qozon”da har gal ovqat buyurtma qilsam ularning boshqacha ta’midan bahra olaman. Masalan, ravioli, qaymoqli kulchalari, mol go‘shtli steyklari juda ajoyib. Portsiyalari katta, mazali qaylalar bilan tortishadi.
Narx va sifat borasida mutanosib kamdan-kam maskanlardan biri. Kundalik ovqatlanish yoki alohida tantanalar uchun birdek mos. Aksiya va chegirmalariniku aytmasa ham bo‘ladi. Doim foydalanib kelaman. O‘ziga xos jihatlaridan biri sifatida har mavsum o‘zgaradigan menyusini aytmasam bo‘lmas. Mavsumiy ovqatlarining turfaligi ishtahamni ochadi. Bosh oshpaz va oshxona xodimlarining yuqori professionalligi alohida e’tirofga loyiq. Ba’zan tig‘iz paytda ovqat ozroq kechikishini aytmasa deyarli kamchiliklari yo‘q. Xulosa qilib aytsam, “Yumaloq qozon” bu siz izlagan sifat, narx va professionallikning uyg‘unligi.