O'z

Velosipeddan avtomobilga aylangan KIA

10 May, 2024

Ulashish:
blog-single

Velosipeddan boshlangan biznes – KIA kompaniyasi qanday rivojlangandi?

"Movement that inspires" — "Ilhomlantiruvchi harakat". Mijozlarini o'z avtomobillari bilan doimiy ilhomlashtirishni maqsad qilgan KIA kompaniyasi zamonaviy dizayn va innovatsion texnologiyalar na’munasi bo‘lib, bugungi kundagi mukammal imijidan anchayin uzoq tarixga ega. Kompaniyaning yetmish yildan ortiq davom etgan faoliyati uning chidamliligi, moslashuvchanligi va mukammallikka intilishidan dalolat beradi.

 

“Sharh”da bu safar KIA qanday qilib oddiy velosipeddan ish boshlab, global avtomobil gigantiga aylangani tarixini  birgalikda ko‘rib chiqamiz.

 

Koreyaning KIA kompaniyasi tarixi ikkinchi jahon urushi  davrida (1944-yilda) velosiped qismlari va po‘lat quvurlar ishlab chiqaruvchi “Kyungsung Precision Industry”dan boshlangan. Aynan shu kompaniya Koreyaning birinchi mahalliy velosipedi – Samchullyni yaratish orqali transport sanoatiga ilk qadamini tashlagan edi. 


Avtomobil bozoriga kirib kelishi haqida

 

O‘tgan asr o‘rtalarida o‘z nomini Kia Industriyesga o‘zgartigan kompaniya dastlab o‘z uch g‘ildirakli yuk mashinalari va motosikllarini  ishlab chiqarishni boshladi. Bu jarayon KIAning avtomobil sanoatidagi qamrovini kengaytirish va rivojlanayotgan Koreya avtomobil bozorida o‘z ishtirokini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Kompaniya sifatli mahsulotlari va ushbu mahsulotlarga yangi innovatsiyalarni muntazam joriy qilib borishi bilan mijozlar ishonchiga tez kira oldi. Aynan shu omil esa keyinchalik yengil avtomobil ishlab chiqarish borasida o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun zamin yaratgan. Shu yo‘sinda kompaniya 1974-yilda Mazda Familia negizida o‘zining birinchi avtomobili – “Brisa”ni yaratdi. O‘sha vaqtlardagi neft inqirozidagi qiyinchiliklarga qaramay, KIA o‘z texnologiyasini doimiy ravishda takomillashtirib, mahsulot qatorini kengaytirishda davom etib bordi.
 


Kia Brisa

 

Keyingi o‘n yilliklar KIA uchun sezilarli iqtisodiy o‘sish va strategik hamkorlikning yangi bosqichlariga chiqish davri bo‘ldi. Kompaniya Ford va Mazda kabi boshqa avtomobil gigantlari bilan hamkorlik qila boshladi va bir qancha muvaffaqiyatli modellar, jumladan “Pride”, “Sephia” va “Sportage” ham ommaga taqdim etildi, bu esa KIA ning jahon bozoridagi ishtirokini yanada mustahkamladi.
 

1990-yillar oxirida Osiyoda yuz bergan moliyaviy inqirozi KIA uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirib, kompaniya Hyundai Motor Company tomonidan sotib olinishiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, kompaniya Hyundai soyasi ostida kuchli va raqobatbardosh brend sifatida qayta jonlanish davrini boshdan kechirdi.


Kuchli taraqqiyot va brend sifatida shakllanish

 

KIAning boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan eng katta farqli jihatlaridan biri bu mahsulotlar dizayniga jiddiy e’tibor qaratishi hisoblanadi. Dizayn yo‘nalishidagi “Red Dot Design Awards” va “iF Design Awards” kabi nufuzli mukofotlarni yutgani gapimiz tasdig‘i hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishishda taniqli rassom-dizayner Piter Shrayer bilan boshlangan hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. Aynan Shrayerning qarashlari brendning zamonaviy va murakkab estetikasini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi.


Ayniqsa, 2007-yilda taqdim etilgan avtomobilning old qismiga taklif etilgan “Tiger Nose Grille” elementi KIA avtomobillarining taniqli timsoliga aylandi va brend identifikatori sifatida yanada mustahkamladi. Tiger Nose panjarasi o‘zining keng gorizontal joylashuvi bilan ajralib turadi, markazda bir oz cho‘kib turishi yo‘lbarsning burni shakliga o‘xshaydi. Bu panjaralar faralar bilan birlashib, yaxlit, mukammal va jiddiy old dizaynni yaratgandi. Umumiy olganda, bu integratsiya kuch, ishonch va dinamizm hissini uyg‘otib, mijozlar bilan hissiy aloqani yaratadi. Bu aloqa brendga sodiqlikni shakllantirishga yordam bergan va KIA brendi haqida ijobiy tasavvurni uyg‘otgan edi.
 


Global kengayish, bozor yetakchiligi va kelgusi rejalar
 

KIA butun dunyo bo‘ylab, jumladan Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoning asosiy bozorlarida o‘z ishtirokini strategik jihatdan kengaytirib kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, KIA korporatsiyasining 2024-yil aprel oyi uchun jami global sotuvlar hajmi 261 022 donani tashkil qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,6 foizga ko‘p. 

 

2030-yilga kelib KIA 1,2 million akkumulyatorli elektr transport vositalarini (BEV) sotishni maqsad qilgan va sotuvning katta qismi Koreya, Shimoliy Amerika, Yevropa va Xitoydan kelishi kutilmoqda.  Bundan tashqari, Kia "AutoMode" deb nomlangan avtonom haydash texnologiyasini ishga tushirish niyatini ham bildirdi. Ular ushbu texnologiyani 2026-yilga qadar yirik bozorlarda sotiladigan barcha yangi modellarga kiritishni maqsad qilgan. Bu esa o‘z iste’molchilariga qulaylik yaratishda yetakchilikni ta’kidlaydi.

 

Umuman olganda, KIA avtomobil ishlab chiqaruvchi sifatida kelgusida elektr transport vositalari ishlab chiqarish (EV) va avtonom haydash texnologiyasini yaratishni asosiy vazifasi qilib qo‘yganini tushunish mumkin.

O‘z biznesingizni topa olmayapsizmi?

O‘z biznesingizni qo'shing va boshqaring commeta gold dark logo

suitcase image
Loyiha rivojlanishiga hissa qo‘shing

Yordam miqdori

floating money image
Logo

Bizning platformamiz orqali siz yaxshi qaror qabul qilishingiz uchun biz turli kompaniyalar haqida eng yaxshi sharhlarni to'playmiz. Tushlik uchun yaxshi joyni, ishonchli bankni yoki eng yaxshi universitetlarni qidiryapsizmi? Bizning vazifamiz boshqa odamlardan foydali ma'lumotlarni ulashish, sizning tanlovingizni osonlashtirish uchun.

App StorePlay Store

© 2024. Sharh. Barcha huquqlar himoyalangan.