Sharhlar haqidagi platformalar O‘zbekistonda deyarli mashhur emas. Aytish joiz bo‘lsa, internet foydalanuvchilarining kichik qismigina izoh va sharhlar uchun alohida butun boshli platformalar mavjud ekanligidan xabardor. “Sharh” ilovasi haqida ma’lumot berar ekanmiz, shu o‘rinda dunyodagi boshqa shu shakldagi mashhur ilovalarni ham tilga olib o‘tmasak bo‘lmaydi, degan fikrga keldik. Zora shu orqali foydalanuvchilarda platforma haqida muayyan aniqroq tasvir hosil bo‘lsa.
Avvalo sharhlar haqidagi platformalarning iste’molchiga bera oladigan foydali jihatlarini ko‘rib chiqamiz.
- Xarid haqida qaror qabul qilish:
Iste’molchi mahsulot yoki xizmat xarididan oldin ma’lumot to‘plashi uchun kerakli sharhlar hamda izohlarga ega bo‘ladi. Bu ayniqsa xariddan avval mahsulotni ushlab ko‘rish imkoni bo‘lmagan onlayn-shoping uchun dolzarb.
2. Tavsiyalar izlash
Odamlar boshqa foydalanuvchilarning tavsiya va izohlarini qidirishadi. Sharhlar restoranlar, mehmonxonalar, film, kitob va hokazolar borasida muayyan tasavvur hosil qilishga ko‘maklashadi.
3. Mahsulot va xizmatlar sifatini baholash.
Sharh platformalari mahsulot, xizmat, kompaniya yoki joylarga baho berish uchun hudud taqdim etadi. Foydalanuvchi shunga qarab mahsulot yoki xizmatdan nima kutishini taxminan biladi.
4. Eng yaxshi narx va takliflar qidiruvi
Sharhlar asosida eng yaxshi narxlar, aksiya va maxsus takliflarni topsa bo‘ladi. Bu ayniqsa do‘konlar va onlayn-platformalarga xos.
5. Firibgarlikdan muhofazalanish
Foydalanuvchilar boshqa odamlarning salbiy tajribasini o‘qish asnosida firibgarlik yoki sifatsiz xizmatdan o‘zini muhofaza qiladi.
6. Brendga nisbatan ishonch
Kompaniyalar ijobiy sharhlardan o‘z imiji va iste’molchilar ishonchini mustahkamlash yo‘lida foydalanishlari mumkin. Bu marketing strategiyasida muhim element vazifasini o‘tay oladi.
7. Tajriba va bilim almashish
Foydalanuvchilar bu shakldagi platformalarda tajriba va bilim almashishadi. Shaxsiy hikoyalari, tavsiya va takliflarini ulashadi.
Dunyoning mashhur sharh platformalari:
- Yelp (yelp.com). Turli bizneslar, masalan, restoran, do‘kon va xizmatlar haqida ma’lumot beruvchi dunyodagi eng mashhur sharhlar sayti hisoblanadi. Unda foydalanuvchilar batafsil sharh va baholarni qoldirishi mumkin. Reytinglar oddiy iste’molchilar fikri asosida tuziladi. Shahar, biznes turi va xizmatlar toifasi bo‘yicha izlash imkoni mavjud.
- TripAdvisor (tripadvisor.com). Mehmonxonalar, restoran, sayyohlik qadamjolari va boshqalar haqida sharhlarni o‘z ichiga olgan mashhur manba. Sharhlar turizm xizmatlarining keng doirasini taklif qiladi. Sayohatchilar tavsiyasi va rasmlardan iborat. Tarkibidagi reytinglar umumiy baho va reytinglarga qarab tuziladi.
- Google Reviews (google.com/maps). Mazkur platforma Google Maps’ning bir qismi sanaladi va turli joy hamda muassasasalar haqida ma’lumot beradi. Google xaritalari bilan integratsiya qilingani izlashni osonlashtiradi. Reytinglari foydalanuvchi va mutaxassislar bahosiga asoslanadi. Ro‘yxatdan o‘tmasdan turib sharh va baholar qoldirish mumkin.
- Amazon Customer Reviews (amazon.com). Amazon platformasida mavjud millionlab mahsulotlar haqida xaridorlar yozib qoldirgan sharhlarni taqdim etadi. Har bir mahsulot o‘zi haqidagi sharhlardan iborat alohida sahifaga ega. Foydalanuvchilar boshqa foydalanuvchilarga savol berishi mumkin. Muayyan sharhning foydalilik darajasini baholash imkoniyati bor.
- IMDb (imdb.com). Filmlar, teledasturlar va aktyorlar haqidagi ma’lumotlar, foydalanuvchilarning izohlari joy olgan omborga ega eng yirik platforma. Filmlar haqidagi sharh hamda reytinglari bilan mashhur. Kinomanlar izohlarning o‘zidayoq muhokamaga kirishishi mumkin. Shuningdek, saytda tanqidchilar haqida ma’lumot va ularning retsenziyalarini o‘qishga sharoit bor.
- Rotten Tomatoes (rottentomatoes.com). Film va seriallar haqida tomoshabinlar hamda tanqidchilar sharhlarini yig‘ib, ijobiy sharhlarning umumiy foizini chiqarib beradi. Asosiy faoliyati tanqidchilar va auditoriya sharhlarini yig‘ish. Platformada “Tomatometr” va “Tomoshabinlar” reytinglari bor. Tanqidchilar va tomoshabinlarning baholarini solishtira olasiz.